Diqqat! Sayt sinov (test) rejimida ishlamoqda.
Eski talqin
Yangilik

Telegram ijtimoiy tarmog‘ida berilgan murojaatga munosabat:

19-sentabr, 2026-yil292 ko'rildi

Telegram ijtimoiy tarmog‘ida berilgan murojaatga munosabat: (https://t.me/soyalar_xabari/29682)

Andijon davlat universiteti mazkur murojaat yuzasidan quyidagilarni ma’lum qiladi:

Andijon davlat universitetida talabalarni turar joy bilan ta’minlash jarayoni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 14-avgustdagi 376-sonli qarori bilan tasdiqlangan ma’muriy reglament talablari asosida amalga oshiriladi.

Mazkur tartibga ko‘ra, talabalar turar joyiga joylashtirish bo‘yicha arizalar uchta ustuvorlik asosida ko‘rib chiqiladi. Jumladan, birinchi ustuvorlik doirasida kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotgan imtiyozli toifadagi talabalar, ikkinchi ustuvorlik asosida boshqa viloyatlardan kelib tahsil olayotgan kunduzgi ta’lim shaklidagi talabalar, uchinchi ustuvorlik asosida esa Andijon viloyatida istiqomat qiluvchi kunduzgi ta’lim shaklidagi talabalar arizalari ko‘rib chiqiladi.

Shuningdek, bir xil ustuvorlikka ega bo‘lgan talabalar o‘rtasida arizalar ularning topshirilgan sanasi va navbati asosida ko‘rib chiqilib, belgilangan tartibda tasdiqlanadi. Shu bois boshqa viloyatlardan kelib tahsil olayotgan talabalar ham tegishli ustuvorlik asosida talabalar turar joyiga joylashtirish uchun navbatga qo‘yiladi.

Murojaatda qayd etilgan talabaning 1-avgust kuni ariza topshirgani ham belgilangan tartib asosida ko‘rib chiqiladi. Talabalar turar joyiga joylashtirish jarayonida barcha talabalar uchun yagona mezon va navbat tartibiga amal qilinadi.

Shuningdek, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali — my.gov.uz tizimidagi holati “jarayonda” ko‘rinishidagi holat arizaning rad etilganini yoki ko‘rib chiqilmayotganini anglatmaydi.

Ta’kidlash joizki, talabalar turar joyiga joylashtirish jarayonida subyektiv yondashuv, tanish-bilishchilik yoki boshqa ko‘rinishdagi inson omiliga yo‘l qo‘yilmaydi. Arizalar belgilangan ustuvorlik mezonlari, ariza topshirilgan sana va navbat asosida ko‘rib chiqiladi.

Andijon davlat universitetida talabalarni turar joy bilan ta’minlash jarayoni xolislik, shaffoflik va qonuniylik tamoyillari asosida tashkil etilgan bo‘lib, barcha talabalar uchun belgilangan tartib va mezonlar bir xil qo‘llaniladi.