
Andijon universitetlarida talabalar o‘rtasida "Jismoniy tayyorgarlik darajasini aniqlash" bo‘yicha sport sinovlari boshlandi
Mamlakatimizda davlat rahbari tashabbusi bilan yoshlar o‘rtasida jismoniy faollikni oshirish, sportni rivojlantirish va sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu sa’y-harakatlar nafaqat yosh avlod salomatligini mustahkamlash, balki jamiyatda sog‘lom muhit yaratish va aholi turmush sifatini yaxshilashga xizmat qiladi.
Bugun, 4-may kuni Andijon davlat universitetining muhtasham "Universal" sport majmuasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-5148-sonli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida 18–29 yoshli oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida "Jismoniy tayyorgarlik darajasini aniqlash" sport sinovlarining 2026-yilgi mavsumi tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tantanali marosimda O‘zbekiston Respublikasi Sport vaziri Adham Ikramov, Osiyo Olimpiya Kengashi (OOK) vitse-prezidenti Otabek Umarov, Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sportchi, Parij-2024 yozgi Olimpiya o‘yinlari dzyudo bo‘yicha chempioni Diyora Keldiyorova, shuningdek, oliy ta’lim muassasalari rektorlari, sport boshqarmasi mas’ullari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar. Marosimda so‘zga chiqqanlar yoshlar o‘rtasida jismoniy faollikni oshirish, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish va sportni ommalashtirish borasidagi ishlarning ahamiyatini alohida ta’kidladilar.
Qayd etilganidek, 5-maydan 20-mayga qadar barcha oliy ta’lim muassasalarida 18–29 yoshli talabalar ushbu sport sinovlarida faol ishtirok etishadi. Jarayonni yuqori saviyada tashkil etish uchun universitetlarga viloyatning tajribali sport mutaxassislari biriktirilgan. Sinovlar doirasida erkaklar uchun maxsus talablar: pastdan start bilan 100 metrga yugurish va 3000 metrga yugurish, joydan uzunlikka sakrash, gimnastika o‘rindig‘ida oldinga egilish va turnikda tortilish, shuningdek, tanlov talablari: 60 metrga yugurish, yerdan ko‘tarilish (otjimaniye), 3×10 metrga mokisimon yugurish, gavdani ko‘tarish va arqoncha bilan sakrash. Ayollar uchun sinovlar: 100 va 2000 metrga yugurish, joydan uzunlikka sakrash, gimnastika o‘rindig‘ida oldinga egilish va yerdan ko‘tarilishni o‘z ichiga oladi.