
Yoshlarning innovatsion g‘oyalari xalqaro maydonda sinovdan o‘tkaziladi
UNESCOning 2026-yil 8-iyuldagi 411/26-son xatiga muvofiq, yoshlar media va axborot savodxonligi kelajagini loyihalashtirishga bag‘ishlangan “O‘z hissangizni qo‘shing!” Yoshlar xakatoni (Youth Hackathon 2026) o‘tkazilishi e’lon qilindi. Tanlovda yoshlarning zamonaviy media muhitidagi ishtiroki va innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratiladi.
Tanlov materiallari UNESCOning elektron platformasi orqali topshiriladi. Arizalar 2026-yil 16-avgustga qadar qabul qilinadi. Tanlovda 2 nafardan 6 nafargacha ishtirokchidan iborat milliy va xalqaro jamoalar qatnashishi mumkin bo‘lib, ishtirokchilarning yoshi 18–30 yosh oralig‘ida bo‘lishi lozim. Jamoalarni shakllantirishda gender muvozanati va inklyuzivlik tamoyillariga rioya etish tavsiya etiladi.
Tanlov g‘oliblari o‘z loyihalarini 2026-yil 26–28-noyabr kunlari Gretsiyaning Saloniki shahrida bo‘lib o‘tadigan “Ovozlar: Yevropa jurnalistikasi va OAV erkinligi” mavzusidagi xalqaro festivalda taqdim etish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Ishtirok etish istagidagi yoshlar belgilangan tartibda nomzod taqdim etishlari hamda ishtirokchi anketasini to‘ldirib, tegishli hujjatlarni vazirlikka yuborishlari so‘raladi.